Zoʻravonlik
From Wikipedia, the free encyclopedia
Zoʻravonlik — bu jarohatlash, suisteʼmol qilish, zarar yetkazish yoki yoʻq qilish uchun jismoniy kuch ishlatishdir[1]. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan zoʻravonlikka taʼrif quyidagicha berilgan[2]:
O'limga, psixologik zararga, noto'g'ri rivojlanishga yoki mahrumlikka sabab bo`luvchi o'ziga, boshqa shaxsga, guruhga yoki jamiyatga qarshi har qanday kuchni qasddan qo'llash, tahdid qilish yoki jarohat yetkazish zo`ravonlikdir
Xalqaro miqyosda zoʻravonlik 2013-yilda taxminan 1,28 million kishining oʻlimiga sabab boʻlgan, 1990-yilda bu koʻrsatkich 1,13 million edi[3]. Vaholanki, oʻtgan yillar davomida dunyo aholisi qariyb 1,9 milliard kishiga oshgani aholi jon boshiga zoʻravonlik darajasi keskin pasayganidan dalolat beradi. 2013-yilda vafot etganlarning taxminan 842 000 tasi oʻziga-oʻzi azob berish (oʻz joniga qasd qilish)[4], 405 000 tasi shaxslararo zoʻravonlik va 31 000 tasi jamoaviy zoʻravonlik (urush) hamda huquqiy aralashuv bilan bogʻliq[3]. Zoʻravonlik tufayli har bir oʻlim uchun oʻnlab kasalxonalarga yotqizish, yuzlab shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga tashrif buyurish va minglab shifokorlar qabuliga yozilish holatlari yuz beradi[5]. Bundan tashqari, zoʻravonlik koʻpincha jismoniy va ruhiy salomatlik hamda ijtimoiy faoliyat uchun umrbod oqibatlarga olib keladi va iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni sekinlashtirishi mumkin.
2013-yilda dunyo boʻylab shaxslararo zoʻravonlik oqibatida 405 000 ga yaqin oʻlimning 180 000 tasi oʻtochar qurol bilan hujum qilish, 114 000 tasi oʻtkir buyum bilan tajovuz qilish, qolgan 110 000 tasi esa boshqa sabablarga koʻra sodir boʻlgan[3].
Zoʻravonlikning oldini olishda koʻp shakllar mavjud. Mamlakatdagi zoʻravonlik darajasi va oʻzgartirilishi mumkin boʻlgan omillar oʻrtasida kuchli bogʻliqlik bor. Masalan, konsentrlangan (mintaqaviy) qashshoqlik, daromadlar va gender tengsizliklari, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish, bolalar va ota-onalar oʻrtasida xavfsiz, barqaror hamda tarbiyaviy munosabatlarning yoʻqligi. Garchi ruhiy va jismoniy salomatlik hamda individual reaksiyalar, shaxsiyatlar va boshqalar bu xatti-harakatlarning shakllanishida doimo hal qiluvchi omillar boʻlib kelgan boʻlsada, zoʻravonlikning asosiy sabablarini hal qiluvchi strategiyalar uning oldini olishda nisbatan samarali boʻlishi mumkin[6].