Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindorlari roʻyxati
Adabiyot bo'yicha Nobel mukofoti laureatlarining maqola-ro'yxati / From Wikipedia, the free encyclopedia
Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti (shvedcha: Nobelpriset i litteratur) – har yili Shvetsiya fanlar akademiyasi[en] tomonidan adabiyot sohasidagi ulkan hissalari uchun asar mualliflarga beriladigan mukofot. Kimyo, fizika, tinchlik, fiziologiya va tibbiyot sohasidagi ulkan hissalari uchun beriladigan, 1895-yilda Alfred Nobel vasiyatiga koʻra taʼsis etilgan beshta Nobel mukofotidan biridir[1]. Nobel vasiyatiga koʻra, mukofot Nobel jamgʻarmasi tomonidan boshqariladi va Shvetsiya akademiyasi tomonidan beriladi[2]. Adabiyot boʻyicha birinchi Nobel mukofoti 1901-yilda fransuz adibi Sully Prudhommega berilgan[3]. Har bir sovrindor medal, diplom va pul mukofotini oladi[4]. 1901-yilda Prudhomme 150 782 shved kronasi olgan edi, 2018-yil yanvar holatiga koʻra, bu summa 8 823 637 kronaga teng. Mukofot Stokgolmda har yili 10-dekabrda, Nobel vafot etgan kuni munosabati bilan oʻtkaziladigan tantanali marosimda topshiriladi[5].
Shu paytgacha adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti 120 kishiga berilgan[6]. Eng yosh laureat Rudyard Kipling boʻlib, 1907-yilda mukofotlangan paytida 41 yoshda edi. Mukofotni olgan eng keksa laureat Doris Lessing boʻlib, 2007-yilda mukofotlangan paytida 88 yoshda edi. 1931-yilda Erik Axel Karlfeldtga vafotidan keyin berilgan[7]. 1958-yilda rossiyalik Boris Pasternak Sovet Ittifoqi hukumatining bosimi ostida mukofotni ochiqchasiga rad etishga majbur boʻlgan. 1964-yilda Jean-Paul Sartre adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini olishni istamasligini maʼlum qildi[8], chunki u oʻtmishda barcha rasmiy mukofotlardan doimiy ravishda voz kechgan edi[9]. Biroq, Nobel qoʻmitasi rad etishlarni tan olmay, Pasternak va Sartreni Nobel mukofoti sovrindorlari roʻyxatiga kiritadi[10].
Oʻn yetti nafar ayol adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan[11]. Mukofot ikki kishiga berilgan toʻrtta holat boʻlgan (1904, 1917, 1966, 1974)[12]. Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti yetti yilda berilmagan edi: 1914, 1918, 1935 va 1940—1943-yillarda[13]. Tarixda adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti bir yilga kechiktirilgan uch yil boʻlib, mukofotlar keyingi yilning oktyabr oyida oʻz egalariga berilgandi: 1915-yil, 1949-yil va 2018-yil[14][15]. 2023-yil holatiga koʻra, adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sohiblari 120 kishiga berilgan. Ular ichida 29 nafar ingliz tilida, 16 nafar fransuz tilida, 14 nafar nemis tilida soʻzlashuvchilar bor[16]. Fransiya esa, eng koʻp Nobel mukofotiga sazovor boʻlganlar mamlakatidir[17].