Futbol boʻyicha 1930-yilgi jahon chempionati
From Wikipedia, the free encyclopedia
Futbol boʻyicha 1930-yilgi jahon chempionati (inglizcha: 1930 FIFA World Cup, ispancha: Copa Mundial de Fútbol de 1930) — FIFA tomonidan ilk bor tashkil etilgan jahon chempionati. Chempionat 1930-yil 13–30-iyul kunlari Urugvayda boʻlib oʻtgan. Birinchi jahon chempionatini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror 1928-yil 26-mayda FIFA tomonidan qabul qilingan va 1929-yil 18-mayda Urugvay davlati ovoz berish yoʻli bilan mezbon sifatida tanlab olingan. Birinchi jahon chempionatining barcha oʻyinlari Urugvay poytaxti — Montevideoda boʻlib oʻtgan. Montevideoda jahon chempionati uchun 90 000 tomoshabinga moʻljallangan Centenario stadioni qurilgan.
ispancha: Copa Mundial de Fútbol de 1930 | |
---|---|
Chempionatning Guillermo Laborde tomonidan tayyorlangan rasmiy posteri | |
Umumiy maʼlumotlar | |
Mezbon davlat | Urugvay |
Shahar(lar) | 1 |
Sana | 13–30-iyul, 1930-yil |
Jamoalar | 13 |
Bellashuv joylari | 3 (1 ta shaharda) |
Yakuniy natijalar | |
Chempionlar | Urugvay (1-marta) |
2-oʻrin | Argentina |
3-oʻrin | AQSh |
4-oʻrin | Yugoslaviya |
Statistika | |
Oʻyinlar soni | 18 |
Gollar soni | 70 (har oʻyinda oʻrtacha 3.89 ta) |
Muxlislar soni | 549 090 (har oʻyinda oʻrtacha 30 505 ta) |
Toʻpurar(lar) | Guillermo Stábile(en) (8 ta gol) |
Eng yaxshi oʻyinchi | Jose Nasazzi |
Eng yaxshi darvozabon | Enrique Ballesteros |
1934 → |
Musobaqaga FIFAga aʼzo barcha davlatlar taklif qilingan. Biroq, bor-yoʻgʻi 13 ta jamoa musobaqada ishtirok etish uchun Urugvayga borgan: Janubiy Amerikadan yettita, Yevropadan toʻrtta va Shimoliy Amerikadan ikkita jamoa. Yevropa jamoalarining soni kamligi XX asrning birinchi yarmida Janubiy Amerikaga borish qiyin boʻlganligi bilan izohlangan. Qurʼa natijalariga koʻra jamoalar toʻrt guruhga boʻlingan. Har bir guruh gʻoliblari pley-off bosqichiga yoʻl olishdi. Jahon chempionatlari tarixidagi dastlabki ikki uchrashuv bir vaqtda boshlandi. Ularda Fransiya va AQSH mos ravishda Meksikani 4:1, Belgiyani 3:0 hisobida magʻlub etgan. Fransiyalik Lucien Laurent jahon chempionati tarixidagi ilk gol muallifi hisoblanadi.
Musobaqa oldidan mezbon mamlakat jamoasi eng kuchli terma jamoa sifatida baholanar edi. Chunki Urugvay milliy futbol terma jamoasi 1924 va 1928-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari doirasida oʻtkazilgan futbol musobaqasida gʻolib chiqqan. Urugvay jahon kubogini ham qoʻlga kiritdi: yarim finalda Urugvay Yugoslaviya terma jamoasini, Argentina esa AQSh terma jamoasini magʻlub etdi. 68 ming tomoshabin koʻz oʻngida boʻlib oʻtgan final bahsida urugvayliklar 4:2 hisobidagi gʻalabani qoʻlga kiritishdi va jahon kubogining ilk sohibiga aylanishdi.