Soʻndirgich (oʻtochar qurol)
From Wikipedia, the free encyclopedia
Soʻndirgich — oʻtochar quroldan oʻq uzilganda undan chiqadigan chaqnash va tovushni soʻndiruvchi, qurol tumshugʻiga oʻrnatiladigan mexanik moslama. Boshqa tumshuq moslamalari singari, soʻndirgich qurol tumshugʻiga taqiladigan aksessuar yoki nilning (stvol) ajralmas boʻlagi boʻlishi mumkin.
Oddiy soʻndirgich oʻqning normal chiqishiga imkon beradigan ichi boʻsh silindrik metalldir (odatda zanglamas poʻlat yoki titan). Soʻndirgichning ichida koʻp tovush toʻsiqlari mavjud boʻlib, ushbu toʻsiqlar quroldan oʻq uzliganda undan chiqadigan porox gazlarini yoyib yuboradi. Yaʼni, porox gazlari soʻndirgichning ichidagi qator boʻlib joylashgan tovush toʻsiqlaridan oʻtish orqali yoyilgan va sovigan holda tezligini yoʻqotadi. Tezligining juda katta qismini yoʻqotib, gazlar tashqariga chiqadi[1].
Soʻndirgichlar tumshuq tormozi kabi tisarilishni ham kamaytirishi mumkin. Biroq tumshuq tormozi oʻq uzilgandagi gazlarni yon tomonga yoʻnaltirsa, soʻndirgich old tomonga haydab chiqaradi. Soʻndirgichning ogʻirligi qurolning tumshugʻini koʻtarishda xalaqit ham beradi.