Vikipediya:Imlo va grammatika
From Wikipedia, the free encyclopedia
Oʻzbekcha Vikipediyaga hissa qoʻshish uchun oʻzbek tilini muayyan darajada bilishingiz zarur, chunki barcha maqolalar oʻzbek tilida yoziladi (oʻzbekcha Vikipediya deb nomlanishining sababi ham shu). Lekin koʻplab qimmatli foydalanuvchilarimizning ona tili oʻzbek tili emas.
Bu sahifa oʻzbekcha Vikipediya qoidalarining bir qismidir. Unga barcha ishtirokchilar amal qilishi lozim. Bu sahifaga oʻzgarishlar kiritishdan avval boshqa foydalanuvchilar bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. |
Ona tili oʻzbek tili boʻlmaganlar tilni turli darajada bilishadi. Bundan ham muhimi, ona tili oʻzbek tili boʻlganlar ham tilni turli darajada oʻzlashtirishgan. Shuning uchun ham ular Vikipediyaga qoʻshayotgan hissalari, xususan, yaratayotgan maqolalari sifat jihatdan bir-biridan keskin farq qiladi.
- Baʼzi maqolalardagi gaplar umuman tushunarsiz boʻlib, ularni tuzatish uchun deyarli boshdan-oyoq tahrir qilish kerak. Bunday maqolalar safiga mashina tarjima qilgan (Google Translate, Yandex Translate va boshqalar) kontent yaqqol misol boʻla oladi.
- Ayrim maqolalar ulardagi grammatik va imlo xatolarini bartaraf etish uchun obdon tahrir qilinishi kerak.
- Ayrim maqolalarda sheva soʻzlar yoki xorijiy tillardagi soʻzlar ishlatilgan.
- Nihoyat, oʻzbekcha Vikipediyadagi eng dolzarb muammolardan biri shundaki, yangi foydalanuvchilar lotin yozuvida „oʻ“ va „gʻ“ harflarini hamda tutuq belgisini yozishda Vikipediyada qabul qilingan belgilarni ishlatmaydilar.
Oʻzbekcha Vikipediya foydalanuvchilari uchun grammatik va imloviy xatolarga toʻla, bundan ham muhimi, mujmal va tushunarsiz kontent muammodir. Quyida bu muammolarni hal qilishda qoʻl kelishi mumkin boʻlgan ayrim koʻrsatmalar bilan tanishishingiz mumkin.