Bunyodkor stadioni
From Wikipedia, the free encyclopedia
Bunyodkor stadioni — Toshkentning Bunyodkor futbol klubi stadionidir. Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham oʻz oʻyinlarini oʻtkazadi. 2012-yili avgustida qurib bitkazilgan ushbu stadion 34 ming tomoshabinni sigʻdira oladi[2][3][4][5][6].
Bunyodkor stadioni | |
---|---|
Sobiq nom(lar)i | Bunyodkor stadioni |
Joyi | UZB Oʻzbekiston, Toshkent |
Asos solingan | 2008-yil 13-noyabr |
Qachon qurilgan | 2008—2012 |
Qachon ochilgan | 2012-yil 28-sentyabr |
Egasi | Bunyodkor futbol klubi |
Operator | Oʻzbekiston futbol federatsiyasi |
Yuzasi | tabiy chim |
Inshoot narxi | 228,7 mln yevro [1] |
Meʼmor | Germany GMP Architects |
Hajmi | 34.800 |
Maydon oʻlchami | 105m x 68m |
Maydon egalari | |
Bunyodkor, Oʻzbekiston milliy futbol terma jamoasi |
Toshkent shahridagi Bunyodkor Stadioni qurilib bitishi oʻzbek futbolining 100 yillik tantanalari nishonlanayotgan bir paytga toʻgʻri keldi[7][8].
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra, „Bunyodkor“ stadioni aslida 2012-yilning 10-martida topshirilishi kerak edi.
Germaniyaning GMP firmasi tomonidan loyihalashtirilgan sport kompleksi qurilishi 2008-yil boshlangan va keyinroq toʻxtab qolgan edi. Bunga „Bunyodkor“ jamoasining muassisi, Mirodil Jalolovga tegishli ekani aytiladigan „Zeromaks“ shirkatining yopilishi sabab boʻlgan edi. Shundan soʻng toʻxtab qolgan qurilish Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining 5-apreldagi qaroridan soʻng yana boshlandi.[9]
Stadionning dastlab 45 ming odamni sigʻdira oladigan Markaziy Osiyodagi eng katta sport kompleksi boʻlishi haqida aytilgan edi. Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi sayti maʼlumotiga koʻra, endilikda tomoshabinlar oʻrindiqlari soni 34 mingdan iborat boʻldi, shundan 1700 tasi VIP-oʻrinlar hisoblanadi. Bu yerda shuningdek, yer osti avtomobillar toʻxtash joyi, konferens-zal, muzey, tibbiyot shoxobchalari, umumiy ovqatlanish joylari va savdo doʻkonlari xizmat koʻrsatadi.
120 oʻrinli Bolalar-oʻsmirlar futbol maktabida esa xuddi shuncha oʻrinli yotoqxona korpusi va ovqatlanish boʻlimi, suzish havzasi, mashq qilish va sport zali, tibbiyot markazi bor.
Bunyodkor stadionida respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda tadbirlari, Toshkent shahri aholisi, ayniqsa bolalar, oʻsmirlar va yoshlar jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratilgan.