Doktor Moro oroli
From Wikipedia, the free encyclopedia
Doktor Moro oroli (The Island of Doctor Moreau) ingliz yozuvchisi Gerbert Uellsning ilmiy-fantastik janrdagi romani bo'lib, u 1896-yilda yozilgan. Roman bosh qahramon Eduard Prendik tilidan hikoya qilinib, unda Prendik kema halokatiga uchrashi va sirli orolga tushib qolishi bilan bog'liq tafsilotlar keltiriladi. Mazkur sirli orolda o'zining noodatiy va g'ayri-insoniy tibbiy tajribalari bilan dong taratgan olim, doktor Moro qo'nim topgan bo'lib, u bu orolga tajribalari ustidan shikoyat qilgan hamshaharlari (London shahri jamoatchiligi) ta'qibidan qochib kelgan. Olim mazkur xilvat go'shada, begona ko'zlardan va ta'qiblardan holi ravishda turli hayvonlar ustida tajribalar o'tkazadi, ularni viviseksiya amaliyoti vositasida insoniy qiyofaga solishga kirishadi. Romanda bir qancha falsafiy mavzular, jumladan, azob, shafqatsizlik, axloqiy mas'uliyat, inson o'zligi hamda insonning tabiiy jarayonlarga aralashuvi kabilar mahorat bilan ochib berilgan.[1] Uellsning o'zi romanni "yoshlarcha shakkoklikka borish", deb ta'riflaydi.[2]
Asl nomi | The Island of Doctor Moreau |
---|---|
Muallif(lar) | Gerbert Jorj Uells |
Mamlakat | Buyuk Britaniya |
Til | Ingliz tili |
Janr(lar)i | Ilmiy-fantastika |
Nashr etilgan sanasi | 1896-yil |
Nashriyot | Heinemann |
Doktor Moro oroli dastlabki ilmiy-fantastikaning yorqin namunasi bo'lib, Uellsning eng mashhur asarlari qatoridan o'rin olib kelmoqda. Mazkur roman ilmiy-fantastikada mavjud bo'lgan, nisbatan rivojlangan irq yoki turning hayvonlar tadrijiy rivojlanishi jarayoniga aralashishi va mazkur jarayonni tezlashtirishga urinish, hayvonlarni "bir pog'ona yuqori" rivojlanish bosqichiga olib chiqishni tasvirlovchi "madaniylashtirish" yoki "provolyutsiya" (qisqartma: frans. "évolution proactive") janrining eng dastlabki ko'rinishlaridan biridir.[3] Asar ko'plab kino va adabiy san'at namunalarining yaratilishiga ilhom manbasi vazifasini bajargan.[4]