Francisco Goya
From Wikipedia, the free encyclopedia
Francisco José de Goya y Lucientes (talaffuzi: Fransisko Hose de Goya-i-Luyentes; 30-mart 1746, Fuendetodos, Saragosa yaqinida — 16-aprel 1828, Bordo) — ispan rassomi. Madrid Badiiyot akadimyasi aʼzosi (1780). 1786-yildan saroy rassomi, 1799-yildan qirolning bosh rassomi. Saragosada (X. Lusanimartinesdan) va Italiyada (1769—71) taʼlim olgan. G.ning erksevar sanʼati oʻzining dadilligi, joʻshqin ehtirosi, ijtimoiy yoʻnalishi bilan ajralib turadi. 1773-yildan Madridda yashagan. F. Baye ustaxonasida ishlagan, qirol shpaler manufakturasi uchun 60 dan ortiq namoyon (kartina)lar yaratgan. 1780-yillar boshidan portretchi sifatida shuhrat qozonadi, asarlarida hashamatlilik oʻrnini asta-sekin sirlilik, dilkashlik, yengil kinoya egallaydi ("Markiza Solan portreti", 1792; "Gersogina Alba portreti", 1795; "Qirol Karl IV oilasi", 1800 va boshqalar); devoriy rasmlarida diniy mavzularni hayotiy koʻrinishlar tarzida ifodalaydi (San Antonio de la Florida cherkovi kapellasi, 1798, Madridda; Karning uyi, 1820—23 va boshqalar). Grafika asarlarida G.ning ulkan isteʼdodi namoyon boʻldi ("Kaprichos" turkumi, 80 varakda rassomning izohli matni bilan, 1797—98; "Urush ofatlari" turkumi, 22 varaqda, 1810—20 va boshqalar), yirik kartinalari ("1808-yil 2 dan 3 mayga oʻtar kechasi qoʻzgʻolonchilarni otib oʻldirish"; "Madriddagi 1808-yil 2 may qoʻzgʻoloni", ikkalasi ham taxminan 1814 va boshqalar)da davrining eng muhim voqealarini yorqin aks ettiradi. G. ijodi umumevropa badiiy madaniyatiga kuchli taʼsir koʻrsatgan, bu taʼsir 20-asrgacha sezilib turadi.[1]