Hadise
From Wikipedia, the free encyclopedia
Hadise Açıkgöz (talaffuzi: Hadise Achikgoʻz; 1985-yil 22-oktabrda tugʻilgan)[3] belgiya-turkiyalik qoʻshiqchi, qoʻshiqnavis va raqqosadir. U Belgiyada tugʻilib oʻsgan. Oilasining kelib chiqishi Turkiyaning Sivas viloyatidan Belgiyaga koʻchib kelgan migrantlardan hisoblanadi. 2003-yilda Hadise Idool 2003 nomli televizion koʻrik-tanlovda qatnashdi, 2005-yilda esa Sweat nomli ilk albomini chiqardi. Albomga 5 ta singl kiritilgan boʻlib, u Hadisega TMF (Belgiya) va Altın Kelebek („Oltin kapalak“) (Turkiya) mukofotlarini olib keldi.[3] Hadise oʻzining ismi bilan atalgan Hadise (2008) albomini omma eʼtiboriga taqdim etishi ortidan Belgiyada ham, Turkiyada ham mashhurlikka erishdi. Ham inglizcha, ham turkcha qoʻshiqlar kiritilgan ushbu albomdagi „Deli Oğlan“ („Telba oʻgʻlon“) ashulasi Turkiya hit-paradlarida birinchi pogʻonani egalladi.
Hadise | |
---|---|
Hadise 2011-yilda | |
Umumiy maʼlumot | |
Tavalludi |
Hadise Açıkgöz 22-oktyabr 1985-yil (1985-10-22) (38 yosh) Mol, Belgiya |
Fuqaroligi | Belgiya va Turkiya |
Kasbi | |
Leybl |
|
Turmush oʻrtogʻi |
Mehmet Dinçerler (turm. 2022) [1] |
Janr | |
Faoliyat yillari | 2003 – hozirgacha |
Veb-sayt | hadise.com |
2009-yilda Hadise Eurovision qoʻshiq tanlovida „Düm Tek Tek“ qoʻshigʻi bilan Turkiyadan vakil boʻlib qatnashdi.[4] U jami 177 ball toʻpladi va musobaqaning final bosqichida toʻrtinchi oʻrinni egalladi.[5] „Düm Tek Tek“ Hadisening Belgiya hit-paradlarida birinchi pogʻonaga koʻtarilgan ilk ashulasi boʻldi. Uning keyingi ikki studiyaviy albomi — Fast Life va Kahraman — 2009-yilda chiqarildi. Kahraman albomiga kiritilgan „Evlenmeliyiz“ ashulasi Türkçe Top 20 hit-paradida yuqori oʻntalik safiga kirdi. Keyinchalik, Hadise Aşk Kaç Beden Giyer? (2011), Tavsiye (2014) va Şampiyon (2017) albomlarini ommaga taqdim etdi.
Shuningdek, Hadise The X Factor realiti-shousining Belgiya versiyasida boshlovchilik qildi,[6] O Ses Türkiye (The Voice realiti-shousining turkcha versiyasi) televizion koʻrik-tanlovida esa hakam sifatida qatnashdi.[7]